Yangiliklar
Orqaga

Saralash imtihoni javoblari qachon e’lon qilinadi?

Joriy yil 4 ta hududda tashkil etilayotgan Prezident maktablariga Toshkent, Xorazm, Namangan va Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻqishga kirish uchun jami 28 452 nafar talabgor hujjat topshirdi.

Shundan 27 471 nafar talabgorning hujjatlari belgilangan talablarga mos keldi hamda saralash imtihonida ishtirok uchun imtihon ruxsatnomasini qo’lga kiritdi. Shuningdek, 981 nafar oʻquvchilarning hujjatlari qoʻyilgan talablarga toʻgʻri kelmaganligi sababli rad etilgan.

Saralash imtihonlari 29, 30-iyun va 1, 2-iyul kunlari oʻtkazildi va uning yakuni boʻyicha jami ishtirok etishi kerak boʻlgan 27 471 nafar oʻquvchidan 27 119 nafar (98,7%) oʻquvchi ishtirok etdi. 349 nafar (1,3%) oʻquvchi imtihonlarga kelmagan boʻlsa, 3 nafar oʻquvchi imtihondan chetlashtirildi.

Imtihon javoblar varaqalari, imtihon oʻtkazilgan joylarning oʻzida “Cambridge Assessment International Education” vakillari tomonidan tegishli qutilarga joylanib, muhrlandi. Javob varaqalari Buyuk Britaniyada tekshirilishi belgilangan.

Saralash imtihon natijalari 16-iyul kuniga qadar eʼlon qilinishi rejalashtirilgan. Natijalarni onlayn tarzda ko’rish imkoniyati yaratiladi va alohida ko ʻ rsatma beriladi.

Yakuniy bosqich imtihonlari 21-24-iyul kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur bosqichda ishtirok etuvchilar soni birinchi bosqich natijasiga ko’ra qariyib 27 500 nomzoddan 11 520 tani (41,8%) tashkil etishi rejalashtirilgan. Bu belgilangan qabul kvotasida har bir oʻringa 20 kishi hisobidan maksimal talabgorlar yoʻllanma olishini anglatadi.

Yakuniy bosqich imtihonlari axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash boʻyicha 16 ta masala, mantiq elementlari boʻlgan matematika fanidan 24 ta masala va ingliz tilidan 55 ta test savollarini tashkil etadi.

Yakuniy bosqich imtihon masalalarini yechish uchun oʻquvchilarga umumiy 150 daqiqa vaqt ajratiladi.