Prezident maktabi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasasi hisoblanib, uning faoliyati yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun iqtidorli bolalarni aniqlash va o‘qitishni ta’minlashga qaratilgan.

14 ta Prezident maktabi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-fevraldagi «Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4199-qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil qilinadi.

2019-yilda Prezident maktab-internatlarini Toshkent, Xiva, Nukus va Namanganda ochish rejalashtirilmoqda.

Prezident maktablarida bepul umumiy oʻrta taʼlim beriladi. 

Prezident maktablarini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim jarayonida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash orqali iqtidorli bolalarni aniqlash va o‘qitish tizimini shakllantirish, shuningdek, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ma’naviy boy va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash kafolatlarini ta’minlashdan iborat.

Prezident maktabi faoliyatining asosiy vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari:

iqtidorli bolalarni aniqlash, tanlash va oʻqitish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek oʻquvchilarning intellektual, ilmiy va ijodiy salohiyatini ochib berish;

tabiiy va aniq fanlarni chuqur oʻrganish, xorijiy tillar, muhandislik va axborot texnologiyalarini oʻzlashtirishni tashkil qilish, oʻquvchilarning innovatsion gʻoyalari va ishlanmalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

oʻquvchilarni oʻqitish va ular bilimini baholashning zamonaviy uslublarini, shuningdek taʼlim dasturlarining integratsiyalashuviga asoslangan oʻqitishning fanlararo yondashuvini joriy qilish va keyinchalik ijobiy tajribani respublika xalq taʼlimi tizimiga tatbiq etish;

oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish, ularda yetakchilik koʻnikmalari va notiqlik sanʼatini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qoʻllash boʻyicha malakasini oshirish;

oʻquvchilarning umumtaʼlim fanlari boʻyicha xalqaro olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalarda munosib ishtirokini taʼminlash;

oʻquvchilarda vatanparvarlik va Vatanga muhabbat tuygʻusini, bagʻrikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hissini, hayotga qatʼiy ishonch va qarashlarni shakllantirish; 

oʻquv dasturlarining uzluksizligini taʼminlash masalalarida xuddi shu yoʻnalishdagi milliy va xorijiy umumiy oʻrta va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, bitiruvchilarning ilgʻor xorijiy oliy oʻquv yurtlarida va ularning respublikamizdagi filiallarida oʻqishini davom ettirish.

Maqsadimiz

«Millatning xalqaro olimpiadalarda, tanlovlarda g‘olib bo‘ladigan va dunyoning eng yaxshi oliy o‘quv yurtlariga kira oladigan kelajakdagi yetakchilarini, o‘quvchilarini tayyorlash. Biz jahon maydonida raqobatbardosh bo‘la oladigan yetakchilarni tarbiyalaymiz».