Prezident maktabiga respublika umumta’lim muassasalarining to‘rtinchi sinf bitiruvchilari orasidan iste’dodli va iqtidorli bolalar tanlov asosida qabul qilinadi. Prezident maktabi faoliyatining birinchi yilida o‘quvchilar istisno tariqasida 6–10-sinflarga ham qabul qilinadi.

Kirish sinovlari bir necha bosqichda amalga oshirilishi mumkin.

O‘qishga qabul qilish Qabul to‘g‘risidagi nizom asosida, tenghuquqlilik tamoyillariga asoslangan holda, qabul va tanlovning yagona talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda kirish sinovlari natijalari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar qabul qilinadi.

O‘quvchilarni ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan xorijiy tashkilot bilan birgalikda o‘tkaziladigan kirish testlari natijalari asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Kirish imtihonlarini o‘tkazishda qonuniylik, tenglik va ochiqlik tamoyillariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida Cambridge Assessment mutaxassislari taklif etiladi.

Prezident maktablari kirish imtihonlariga hujjatlar quyidagi talablar asosida qabul qilinadi:

  1. talabgor o‘qiyotgan maktab Prezident maktabi joylashgan hududga mansub bo‘lishi;
  2. talabgorlar quyidagi fanlar boʻyicha oʻquv yilini aʼlo baholarga bitirgan boʻlishlari shart:
T/r  Talab etiladigan fanlar     Sinflar
 4  5  6  7  8  9
 1  Matematika + + +
 2  Algebra + + +
 3  Geometriya + + +
 4  Informatika va  axborot texnologiylari + + + + +
 5  Fizika + + + +
 6  Kimyo + + +
 7  Biologiya (Tabiatshunoslik) + + + + + +

Ushbu talablarga to‘g‘ri kelgan nomzod hujjatlarini saralash tanlovida ishtirok etish uchun nomzodning ota-onasi (qonuniy vakillari) 2019 yil 1 iyundan 22 iyungacha qabul komissiyasiga pm.xtv.uz sayti orqali online tarzda yoki qabul markazlariga borish orqali taqdim etadi.

Prezident maktabiga kirish imtihonlarida ishtirok etish uchun talab etiladigan hujjatlar:

  1. maktab direktori tomonidan tasdiqlangan shakldagi maʼlumotnoma;
  2. tugʻilganlik haqida guvohnoma nusxasi;
  3. oʻquv yili natijasiga koʻra talabgorning baholar tabeli asl nusxasi va maktab direktori tomonidan tasdiqlangan nusxasi.

Shuningdek, nomzod Prezident maktabiga qabul qilingan taqdirda, uning ota-onasi (qonuniy vakillari) quyidagi qoidani ham nazarda tutishlari talab etiladi:

Prezident maktabi oʻquvchilarning doimiy turar joy bilan taʼminlovchi taʼlim muassasasidir. Maktab direktorining dastlabki yozma roziligi va ruxsatnomasiga koʻra, oʻquvchi faqat dam olish kunlari (shanba va yakshanba) ota-onasi (qonuniy vakillari) ixtiyoriga topshirilishi mumkin. Shu bilan birga, yakshanba kuni 19.00 ga qadar oʻquvchi maktab-internatda boʻlishi lozim. 

Prezident maktabiga kirish imtihonlari quyidagilardan iborat:

  1. tanqidiy fikrlash uchun test topshiriqlari;
  2. nostandart masalalarni yecha olish qobiliyati;
  3. ingliz tilini bilish.

Sinov qog‘oz ko‘rinishida o‘tkaziladi. Kirish imtihonlari natijalari ta’lim sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi xorijiy tashkilot va ishchi organning strategik hamkori tomonidan talabgorlarning javoblarini avtomatlashtirilgan statistik qayta ishlash usuli orqali tekshiriladi va baholanadi.

Kirish imtihonlari natijalari Xalq ta’limi vazirligi hamda Prezident maktabining rasmiy veb-saytida imtihon topshirilgan kundan boshlab 30 kun ichida e’lon qilinadi.