Savol-javoblar

    Prezident maktab-internatiga qanday kirish mumkin?

    Bolalar Prezident maktab-internatlariga faqat bolaning o‘qish joyi bo‘yicha hududiy tamoyil asosida qabul qilinadi. Ya’ni, agar bola Toshkent shahridagi maktabda tahsil olayotgan bo‘lsa, u faqat Toshkent shahridagi Prezident maktab-internatiga kirish huquqiga ega. Agar bola Toshkent viloyati maktabida tahsil olayotgan bo‘lsa, u faqat Toshkent viloyati hududidagi Prezident maktab-internatiga o‘qishga kirish huquqiga ega.
    Boshqa hududlarda, agar hujjatlarni topshirish vaqtida ushbu viloyat hududida joylashgan maktabda o‘qiyotgan bo‘lsa, bola ushbu mintaqadagi Prezident maktabiga o‘qishga kirishi mumkin.
    Hujjatlar belgilangan muddatda qabul qilinadi.
    Hujjatlarni onlayn tarzda topshirish imkoniyati mavjud.

    Prezident maktab-internatiga qaysi sinfdan qabul qilinadi?

    Prezident maktab-internatlariga respublika umumta’lim muassasalarining to‘rtinchi sinf bitiruvchilari orasidan qobiliyatli va iqtidorli bolalar qabul qilinadi. Har bir Prezident maktab-internatiga qabulning birinchi yilida talabgorlar istisno tariqasida 6–10-sinflarga ham tanlab olinadi. Shunday qilib, 2019-yilda to‘rtta (Toshkent, Nukus, Namangan va Xivadagi) Prezident maktab-internatining har biriga 144 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi.
    Ma’lumot uchun: Prezident maktab-internatlarida 5-sinfdan 11-sinfgacha 7 ta parallel mavjud bo‘ladi (maktab-internat ikkinchi yilda to‘liq to‘ldiriladi). Har qaysi parallel 12 ta o‘quvchisi bo‘lgan 2 tadan sinfdan tashkil topadi.

    Qaysi fanlar bo‘yicha imtihon o‘tkaziladi?

    Imtihon quyidagilardan iborat:
    – axborotni tahlil qilish va qiyoslash qobiliyatiga oid topshiriqlar;
    – mantiq elementlari mavjud matematik masalalar;
    – ingliz tilini bilish testi.
    Imtihon o‘zbek tilida (Qoraqalpog‘istonda qoraqalpoq tilida) o‘tkaziladi.
    Ingliz tilini bilish 9–10-sinflarga kirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. 5–8-sinflarga kirishda ingliz tilini bilish uchun test sinovlari talabgorlarning salohiyatini baholashga xizmat qiladi.
    Prezident maktab-internatlariga kirish imtihonlari yakunlari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan talabgorlar qabul qilinadi.

    Prezident maktabiga kirish uchun hujjatlarni qayerga topshirishim mumkin?

    Tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar bir necha yo‘llar bilan taqdim etilishi mumkin:
    1) Veb-sayt orqali onlayn ariza topshirish
    2) Hujjatlarni qabul qiluvchi maxsus markazga qog‘oz shaklida taqdim etish.

    Ariza berish uchun qanday hujjatlar kerak?

    Tanlovda ishtirok etish uchun talabgorning ota-onasi (qonuniy vakili) belgilangan muddatda qabul komissiyasiga belgilangan shaklda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

    1) ariza beruvchi hujjatlarni topshirish vaqtida o‘qiyotgan maktabdan ma’lumotnoma*;
    2) tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi;
    3) talabgor hujjatlarni topshirish vaqtida tahsil olayotgan maktabdan joriy yilgi tabelining asl nusxasi va direktor tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan nusxasi.

    *Ma’lumotnoma shakli pm.xtv.uz saytining ariza yuborish bo‘limida joylashtirilgan. Uni yuklab olish va to‘ldirish kerak. Ma’lumotnoma talabgor hujjatlarni topshirish vaqtida o‘qiyotgan ta’lim muassasasi direktorining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan holda taqdim etilishi shart.