STEAM ta’lim

Prezident maktab-internatlarida o‘qitish uchun STEAM ta’lim tizimi tanlandi. Chunki aynan ushbu yondashuv maktab o‘quvchilarida zamonaviy dunyoda o‘zlarining shaxsiy qobiliyatlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni eng a’lo darajada shakllantiradi. STEAM ta’limi fanlararo va amaliy yondashuvni qo‘llash, shuningdek, barcha beshta yo‘nalishning yagona ta’lim sxemasiga integratsiyalashuviga asoslangan.

Ma’lumot uchun – STEAM (S – Science / fan, T – Technology / texnologiya, E – Engineering / muhandislik, A – Art / san’at va M – Mathematics / matematika). 

STEAM fanlari (matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika, dizayn va texnologiya, «san’at» yo‘nalishi fanlari) 5-sinfdan boshlab ingliz tilida o‘qitiladi, shu munosabat bilan Prezident maktab-internatlarida ingliz tilini chuqur o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratilgan.

Yuqori sinflarda (10–11-sinflar) o‘quvchilar o‘zlarining ishtiyoqlari va qobiliyatlari asosida o‘z xohishiga ko‘ra ixtisoslik va standart darajada o‘rganiladigan fanlarni tanlashlari mumkin. Matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlarini o‘rganishni chuqurlashtirish o‘quvchilarning loyihaviy va tadqiqot faoliyatini tashkil etish orqali amalga oshiriladi. Yuqori sinf kurslarini tamomlagan bitiruvchilar belgilangan davlat namunasidagi o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega bo‘ladilar.

Kelajakda, maktab tegishli vakolatli xalqaro tashkilotlarning akkreditatsiyasidan o‘tganidan so‘ng, bitiruvchilar xalqaro malaka imtihonlarini (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) topshirish imkoniga ega bo‘lib, muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda, yetakchi mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirish imkonini beruvchi xalqaro diplom olishlari mumkin.